loader image
uz| Diqqat!!! Sayt test rejimida ishlamoqda!
Call Center      
uz| Diqqat!!! Sayt test rejimida ishlamoqda!
Call Center      
info@nspi.uz
E-mail
+998 79 225-19-30
ISHONCH TELEFONI
+998 79 225-19-30
FAKS
REKTOR QABILXONASI

Zulfiya tavalludining 106 yilligiga

  Zulfiyaning “Xotiram siniqlari” dostoni hajman ixcham, fikran ko`lamlidir. U muallifning yillar bo`yi qalbida cho`kib yotgan dardlari, uning og`riqlari, buning sabablari mohiyatidagi alamlari asosiga qurilgan. Shoira buni bir-bir xotirasida tiklar ekan, go`yo singan ko`zguning siniqlarini bir-biriga ulaganda narsaning aksini ko`rsatganday, bu xotira siniqlarini ortida o`zining siymosi paydo bo`ladi. Biz bu siniqlarda shoira yuragidagi chandiqlarni ko`ramiz. Bu chandiqlar paydo bo`lish sabablarini anglash borasida totalitar tuzum paytdagi adolatsizlik, tuzumni dushmanlardan tozalash niqobi ostida hayotni anglash, undan tegishli xulosa chiqarish iqtidorga ega bo`lgan fikrlarni odamlarni “ovlash va yo`q qilish” jarayonini butun murakkabligi bilan uqamiz va shoira irodasi oldida bo`yin egamiz. Bu jarayon shoiraning oilasini ham chetlab o`tmadi, balki taniqli davlat arbobi bo`lgan akasi Normat Isroilovni ham domiga tortib ketdi. Manna shunday kunlarni sodir qilgan kishilar haqida shoira kuyinib yozadi:

Sizni-da qora tun olarmikin,

Qo`lingizga kishan solarmikan,

Yukinish, yalinchimas – g`ururni ko`rib,

Vahshiy g`azablarda yondirarmikan?!

Bu paytda otasi hayot edi. Ikki farzandidan judo bo`lgan otaning (bundan oldin ukasi vafot etgandi) chidami shoirani lol qoldiradi:

…Bunga chidam qaydan – po`lat, olovdan,

metindan yaralgan jonmidi otam…

Otash og`ushida topib bizga non,

G`amga ham chidamli bo`larkan odam.

Bu misralarni o`qib shoiradagi iroda zamini qaerda ekanligini anglaganday bo`lamiz.

Ma’lumki, hayot faqat g`am-anduhdan iborat emas. Unda quyoshli, bahoriy kunlar ham ko`p. Agar hayot faqat g`am yoki faqat quvonchdan iborat bo`lganda bu narsalarning mohiyati anglanmasdi. SHoiraning hayotida ham eslaganda quvonch bag`ishlaydigan, baxtli onlar bo`lgan. Bu borada etuk olim, Hamid Olimjonshunos Naim Karimov shunday yozadi: “1936 yil… Tashqarida qalin qor oq gilam to`shagan. Hamid Olimjonning bolaligi tutib, Zulfiyani ko`chaga, chena uchishga taklif etdi. Chenaning yo`qligi shoir rayini qaytarolmadi. U paltosining barini Zulfiyaga tutqazib, oppoq ko`cha bo`ylab qiyqirib, xandon urib, uni tortdi”1. nadomatlar bo`lsinki, shoira hayotida bunday shukuhli kunlar uzoq davom etmadi. Ikkinchi jahon urushi xalq boshiga solgan qayg`u, yo`qotishlarda yuragi sadpora bo`lgan shoira g`alaba kun yaqinlashganda, baxt qasri quladi, ya’ni Hamid Olimjondan judo bo`ldi. Shoira 29 yoshida ikki bola bilan beva qoldi:

Baxt qasrimga kirib meni topdi dard,

Urush, yozda yoqqan qor kabi o`lim.

O`ttizga etmayoq sochim qor yalab,

Ko`z yoshim soyiga to`kildi gulim.

Lekin, shoira taqdir, qismatning shafqatsiz dovul, shamollarida sarg`aygan bargday uchmadi, xazonday to`zib, irodasini hayot oqimiga topshirmadi, mahzunlikka berilmadi. Balki hayotdan erta ketgan ukasi, nohak o`limga mahkum etilgan akasi, sevimli yori, tuzum qabohatlaridan ozor topgan ota-onasi, farzandlari, xalqi uchun, qolaversa, adabiyot-she’riyat, haqiqat uchun barcha g`am-anduhlarni engishga, undan ustun chiqishga intildi, muyassar bo`ldi. Oqibatda irodali qalb nimalarga qodir ekanligi namoyon qilish bilan insoniylikdan saboq beradi, vafolik timsoliga aylanadi. Dostonda bu jarayon shunday ifodalanadi:

Bo`ldi, bas! Jangdan so`ng horg`in sarkarda

Tirik askarlarin tizganday qator –

Men tirik hislarim bir joyga yig`dim

Va kuchli yashashga ayladim qaror.

Katta qalbning armonlari, dardlari ham katta bo`ladi. Bu narsa shaxsiy mayl va istaklar qobiqlarida qolib ketmaydi. Bunday shaxslarning dardlarida xalq dardi yotadi, armonlari millat armonidir. Zulfiya opa shunday shaxsdir. U qo`liga qalam olgandan to so`nggi kunigacha bir armon, ya’ni xalqning mustaqilligini ko`rish armoni bilan yashadi. Shundan armoni ushalganidan – istiqloldan behad quvondi:

Hurriyat, keldingmi, nahotki kelding,

Kelar yo`llaringda pinhona topdim.

Mening ota-onam, jon Vatanimda,

Elim taqdirida abadiy qolding.

Doston istiqlolning ahamiyatini chuqur anglatishi bilan ham ahamiyatlidir.

She’riyat insonning fikr-o`ylarini, his-tuyg`ulari, olam go`zalliklariga munosabatini badiiy tarzda yaratadi, ko`z o`ngimizda badiiy so`z orqali jonlantiradi.

Tong elining ipak qo`llari,

 Siren tegib o`tgach gulingga,

 Nechun mayin, nozik tebranib

 Qarab qolding uning yo`liga?

 Sen tebranding-ochdi labini,

 Ko`ksingdagi    nafis    g`unchalar.

 Ayt-chi, senga dedi nelarni,

 Yashnab ketdi, go`zal shunchalar?

       (“Siren” she’ridan)

 Yoki:

 Tog` ortidan ko`tarildi oy;

 So`lim qirg`oq nur-la o`pishdi.

 Ko`zgu bo`ldi jimjit oqqan soy,

 Oyning aksi suvlarni quchdi..

 («Soy   kechasi» she’ridan)

Shoira Zulfiyaning bu kabi she’rlarini o`qir ekanmiz, xilma-xil kechinmalarni qalbdan his etamiz, chunki bu she’rlarda fikr va tuyg`u harakati jo`shqin, his-hayajon salmog`i yuksak. Shu sababli mayin musiqiylikka uyg`un ruhiyat manzaralarini qalb ko`zimiz orqali ko`rganday bo`lamiz. Nafis bo`yoklarda berilgan tabiat chizgilarida oq, nim pushti ranglar etakchilik qiladi. Tabiat tasviriga uyg`un insoniy kechinmalarni kechirayotgan lirik qahramon ko`z o`ngimizda jonlanadi, uning qalbi iliqlikka to`la, go`zallikka tashna ekanini his qilamiz. Shoiraning Hamid Olimjon xotirasiga bag`ishlab yozgan she’rlari ayniqsa hayajonli, dardchan. Tabiat tasviriga singdirilgan mayin ohanglar oq bo`yoklarda tasvirlanadi; insoniy dardga yo`g`rilgan faryod nolalari, dardu alam, armonu iztirob tuyg`ulari asta-sekin sarg`ish ranglar yoki to`q ranglarga ko`chadi. Lirik qahramon qo`lidagi dasta gul, yorug`likni to`sib kelgan qora bulut, ayol iztiroblariga chidolmasdan duv yosh to`kkan osmon, oq bulutlar – bari ramziy ma’nolarni tashiydi.

     “Biz yig`ladik tepangda shu kun

     Keldingmi deb ko`tarmading bosh.”

misralari lirik kechinma yakunini tashkil etadi. Demak, Zulfiya she’rlarida hayotning murakkab sinovlaridan o`tib borayotgan inson qiyofasi, uning o`y-kechinmalari, his-tuyg`ulari, dardu iztiroblari tasvirlanadi va kitobxonni ayol, ona, yor qalbining mushtarak tuyg`ulari zamiridagi ma’nolarni anglashga undaydi.

Zulfiyaning dardu alam, armonu iztirobga to`la ijod mahsuli har dam o`quvchining qalbini isitadi, yuragini va ongini hayojonlantiradi.

Shoirani yod etib

Bahor kelmoqda sizni sog`inib,

Quyosh taftidan maysalar o`nib.

Arilar uchmoqda gullarga qo`nib,

Nazm etmoqdaman sizga talpinib.

O`qib she’r va dastonlaringiz,

Fikran chizdim siymongiz dilga.

Bilsam azob-u alamlaringiz,

Tanitgan sizni shoira deb elga.

Dardlaringiz xalqimiz dardi,

Armoningiz esa  millat armoni.

Yurtimiz erkin mustaqil bo`ldi

Mustaqildir hatto tilu zaboni.

Ko`zgu siniqlaridek dilda yo`q chandiq,

Xaqsizlik, alamlar bo`ldi tashlandiq.

Osmonimiz musofo xalqimiz ham to`q,

Lek oramizda sizdek siymo yo`q.

 ARM direktori X.Artikov